O‘zbekchaРусский

EV xarita — Maxfiylik siyosati

Yangilangan: 2026-11-08

1. Qisqacha

EV xarita — O‘zbekistondagi elektromobil zaryadlash stansiyalari xaritasi. Ilova stansiyalar, ulagichlar, narxlar va yo‘nalishlarni ko‘rsatadi, zaryadlashni esa stansiya operatorining o‘z ilovasida ochadi. Hozirgi versiyada hisob, ro‘yxatdan o‘tish, SMS-kod va to‘lov yo‘q.

Biz ismingiz, telefon raqamingiz, karta ma’lumotlaringiz va joylashuv tarixingizni yig‘maymiz. Serverda siz yuborgan stansiya holati belgilari saqlanadi — ism va raqamsiz, faqat ilova identifikatorining kalitli xeshi bilan. Roziligingiz bo‘lsa, ilovani yaxshilash uchun qaysi tugma va filtrlar bosilgani haqida anonim statistika ham yig‘iladi; qaroringizni Profil’da o‘zgartirish mumkin (5-bo‘lim). Qolgan ma’lumotlar faqat so‘rovga javob berish uchun ishlatiladi yoki qisqa muddat saqlanadi (quyida batafsil).

Shaxsga doir ma’lumotlar operatori — EV xarita xizmati egasi. Maxfiylik bo‘yicha aloqa: privacy@evxarita.uz.

2. Joylashuv

Joylashuvga ruxsat faqat ilova ochiq turganda so‘raladi va ishlatiladi; fon rejimida joylashuv olinmaydi. Ruxsat bermasangiz ham ilova ishlaydi — masofalar Toshkent markazidan hisoblanadi.

Yaqin stansiyalar, yo‘l masofasi, “Zaryadim kam” va safar rejasini hisoblash uchun koordinatalaringiz so‘rov bilan serverimizga yuboriladi. Ular faqat javobni hisoblashga ishlatiladi: saqlanmaydi, joylashuv tarixi tuzilmaydi va jurnallarga yozilmaydi — jurnallarda so‘rovlar koordinatalar va qidiruv matnisiz yoziladi. Yo‘llar o‘z serverimizdagi OSRM bilan hisoblanadi va uchinchi tomonga yuborilmaydi.

3. Ilova identifikatori va IP manzil

Ilova birinchi ishga tushganda telefoningizda tasodifiy o‘rnatish identifikatorini yaratadi va uni har bir so‘rov bilan (X-Device-Id sarlavhasida) yuboradi. U ismingiz, telefon raqamingiz yoki reklama identifikatoringizga bog‘lanmagan. Ilovani qayta o‘rnatsangiz yoki uning ma’lumotlarini tozalasangiz, yangi identifikator yaratiladi.

Server identifikatorning o‘zini saqlamaydi. Belgi yuborganingizda faqat uning maxfiy kalit bilan hisoblangan xeshi (HMAC-SHA256) saqlanadi — “mening belgilarim”ni ko‘rsatish va suiiste’molni cheklash uchun.

IP manzilingiz so‘rovni yetkazish uchun kerak. Biz uni belgilar bilan saqlamaymiz va jurnallarga yozmaymiz; so‘rovlar va belgilar sonini cheklash uchun undan olingan xesh hisoblagichlarda 24 soatgacha turadi.

4. Belgilar (stansiya holati)

Belgi qo‘yish ixtiyoriy va hisob talab qilmaydi. Belgida stansiya, tanlagan holatingiz (tok bor, ishlamayapti / tok yo‘q, navbat va undagi mashinalar soni, benzinli mashina egallagan yoki boshqa tayyor variant), ixtiyoriy ulagich va yuborilgan vaqt saqlanadi. Hisobsiz belgida izoh, foto va joylashuv bo‘lmaydi.

2 soat davomida har bir belgi xaritada, yo‘l rejasida va stansiya kartasida hisobga olinadi va barchaga identifikatorsiz ko‘rinadi; shundan keyin kartada faqat eng so‘nggi belgining turi va vaqti 30 kungacha ko‘rsatiladi. Eskirgan belgilar suiiste’molni aniqlash va xizmat sifatini tahlil qilish uchun 90 kungacha saqlanadi, keyin bazadan avtomatik o‘chiriladi. Moderatorlar yolg‘on yoki spam belgilarni, jumladan bitta qurilmadan kelgan barcha belgilarni yashirishi mumkin.

5. Anonim foydalanish statistikasi

Ilovani yaxshilash va ekranlarning ikki variantini solishtirish (A/B sinov) uchun ilova qaysi tugma, ekran va filtrlar bosilganini, shuningdek ilovani qaysi havola yoki kampaniya orqali topganingizni serverimizga yuboradi — faqat roziligingiz bilan. Ilova birinchi ochilganda so‘raydi; “Roziman”ni bosmaguningizcha hech narsa yuborilmaydi. Qaroringizni “Profil → Anonim statistika” orqali istalgan vaqtda o‘zgartirishingiz mumkin.

Hech qachon yuborilmaydi: joylashuvingiz va koordinatalar, qidiruvda yozgan matningiz (faqat qidiruv bo‘lgani yuboriladi), telefon raqami, ism, hisob ma’lumotlari, reklama identifikatori, havolalarning to‘liq manzili va qurilmani taniydigan “barmoq izi”. IP manzil statistikaga yozilmaydi va jurnallarga tushmaydi. Statistika hisobga bog‘lanmaydi, sotilmaydi va uchinchi tomonga berilmaydi; biz uni faqat umumlashtirilgan ko‘rinishda — variant va hodisa bo‘yicha sonlar sifatida ko‘ramiz.

Yozuvlar serverga kelganidan 90 kun o‘tgach avtomatik o‘chiriladi. Statistikani o‘chirsangiz, telefondagi yuborilmagan hodisalar va statistika identifikatori darhol o‘chiriladi va boshqa hech narsa yuborilmaydi; serverdagi oldingi yozuvlar sizga bog‘lanmagan va 90 kun ichida o‘zi o‘chadi.

Bundan tashqari, roziligingizdan qat’i nazar, ilova “operator ilovasida ochish” va navigator tugmalari necha marta bosilganini stansiya va operator kesimida sanab boradi: bu faqat kun, stansiya, operator, tugma va platforma bo‘yicha umumiy son — unda telefoningizni taniydigan hech narsa (identifikator, IP manzil, koordinatalar, vaqt) yo‘q, shuning uchun u rozilik talab qilmaydi va statistikani o‘chirgan bo‘lsangiz ham sanaladi.

Har bir hodisada faqat quyidagilar bo‘ladi:

6. Telefoningizda saqlanadigan ma’lumotlar

Tanlagan mashinangiz yoki ulagich turingiz, til va boshqa sozlamalar, ilova identifikatori va xarita keshi faqat telefoningizda saqlanadi. Mashina parametrlari (ulagich turi, batareya hajmi, zaryad foizi) kerakli so‘rov bilan yuboriladi va serverda saqlanmaydi.

Statistika yoqilgan bo‘lsa, hali yuborilmagan hodisalar va statistika identifikatori ham telefonda saqlanadi (5-bo‘lim). Statistikani Profil’da o‘chirsangiz, ular darhol o‘chiriladi.

7. Ma’lumot oladigan xizmatlar

Hozirgi versiyada quyidagi xizmatlar faqat o‘z vazifasi uchun zarur eng kam ma’lumotni oladi:

8. Saqlash muddatlari

Joylashuv saqlanmaydi. 2 soat davomida har bir belgi xaritada, yo‘l rejasida va stansiya kartasida hisobga olinadi va barchaga identifikatorsiz ko‘rinadi; shundan keyin kartada faqat eng so‘nggi belgining turi va vaqti 30 kungacha ko‘rsatiladi. Belgilar 90 kungacha saqlanadi va avtomatik o‘chiriladi. So‘rovlar va belgilar sonini cheklash hisoblagichlari — 24 soatgacha. Manzil qidiruvi natijalari keshi — 7 kungacha, sizga bog‘lanmagan holda. Anonim statistika yozuvlari — serverga kelganidan 90 kungacha. Texnik jurnallar — 30 kungacha. Telefondagi ma’lumotlar ilovani o‘chirguningizcha yoki uning ma’lumotlarini tozalaguningizcha saqlanadi.

9. Huquqlaringiz

O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘RQ-547) ko‘ra siz qaysi ma’lumotlaringiz qayta ishlanayotganini bilish, ularni to‘g‘rilash yoki o‘chirishni talab qilish va roziligingizni qaytarib olish huquqiga egasiz.

Hisob bo‘lmagani uchun biz sizni ism yoki raqam orqali taniy olmaymiz. Belgingizni muddatidan oldin o‘chirish yoki savol berish uchun privacy@evxarita.uz manziliga stansiya nomi va taxminiy vaqtni yozing. 2 soat davomida har bir belgi xaritada, yo‘l rejasida va stansiya kartasida hisobga olinadi va barchaga identifikatorsiz ko‘rinadi; shundan keyin kartada faqat eng so‘nggi belgining turi va vaqti 30 kungacha ko‘rsatiladi. Belgilar 90 kun ichida o‘chiriladi. Anonim statistikani “Profil → Anonim statistika”da, joylashuv ruxsatini telefon sozlamalarida istalgan vaqtda o‘chirib qo‘yishingiz mumkin; ilovani o‘chirish telefondagi barcha ma’lumotlarni, jumladan identifikatorni yo‘q qiladi.

10. Xavfsizlik va saqlash joyi

Ma’lumotlar faqat HTTPS (TLS) orqali uzatiladi. Belgilar va anonim statistika Germaniyadagi (Yevropa Ittifoqi) serverimizda saqlanadi. Ilova va statistika identifikatorlari hamda IP manzil faqat xesh ko‘rinishida saqlanadi. Administratorlar faqat vazifasi doirasida kirish huquqiga ega, ularning harakatlari audit jurnaliga yoziladi. Server boshqa davlatga ko‘chirilsa, bu siyosatni oldindan yangilaymiz.

11. Hisob yoki to‘lovlar yoqilganda (hozir o‘chirilgan)

Hisob, ilova orqali zaryadlash, to‘lovlar va push-bildirishnomalar ilova kodida bor, lekin hozirgi versiyada o‘chirilgan. Ularni yoqishdan oldin bu siyosatni yangilaymiz va ilovada xabar beramiz. Yoqilgandan keyin quyidagilar qo‘llaniladi.

Hisob: telefon raqami (kirishda SMS-kod bilan tasdiqlanadi), ixtiyoriy ism va til; qurilmalar ro‘yxati (platforma, ilova versiyasi, push-bildirishnoma tokeni) va kirish tokenlari. Hisobda sevimlilar, avtomobil profili (marka, model, batareya hajmi, ulagichlar, ixtiyoriy davlat raqami) va “bo‘shaganda xabar berish” obunalari saqlanadi. Hisob bilan yuborilgan belgiga izoh va foto qo‘shish mumkin.

Hisobga kirilgan qurilmaning o‘rnatish identifikatori hisobga bog‘lanadi; shu sababli o‘sha qurilmadan avval yuborilgan anonim belgilar ham hisobingizga bog‘lanishi mumkin. Anonim statistika esa hisobga bog‘lanmaydi.

Zaryadlash va to‘lovlar: seanslar (stansiya, vaqt, energiya Wh, narx tiyinda, to‘lov holati) va fiskal cheklar; to‘lov usuli — tokenlashtirilgan karta identifikatori, niqoblangan karta raqami (oxirgi 4 raqam) va brend. To‘liq karta raqami va CVV hech qachon saqlanmaydi.

Maqsad va asos: hisob va kirish, zaryadlash seansi va to‘lov (shartnoma ijrosi); fiskal cheklarni saqlash (qonuniy majburiyat); firibgarlikdan himoya (qonuniy manfaat); marketing xabarlari — faqat alohida roziligingiz bilan.

Saqlash muddati: hisob ma’lumotlari — hisob mavjud bo‘lgan davrda; seanslar, to‘lovlar va fiskal cheklar — soliq va buxgalteriya qonunchiligi talab qilgan muddatda (hisob o‘chirilgandan keyin anonim ko‘rinishda); SMS-kodlar — 2 daqiqa.

Hisobni o‘chirish: ilovadagi “Profil → Hisobni o‘chirish” orqali. Telefon raqami va ism darhol anonimlashtiriladi, qurilmalar va kirish tokenlari o‘chiriladi; moliyaviy yozuvlar qonun talabiga ko‘ra anonim holda saqlanadi.

Xavfsizlik: karta tokenlari va integratsiya kalitlari AES-256-GCM bilan shifrlanadi; kirish tokenlari qisqa muddatli, yangilash tokenlari almashtirib turiladi.

Bu funksiyalar yoqilganda ma’lumot oladigan xizmatlar:

12. Veb-ilova va Telegram Mini App

Xaritaning veb-versiyasi faqat Telegram ichida, bizning botimizning Mini App’i sifatida ishlaydi. U ilova bilan bir xil server va qoidalar bo‘yicha ishlaydi (1–10-bo‘limlar), faqat quyidagi farqlar bilan. Sayt oddiy brauzerda ochilsa, faqat Telegram’ga havola bo‘lgan sahifa ko‘rsatiladi: u serverimizga hech narsa yubormaydi va seans olmaydi (proof of work orqali seans berilmaydi).

Qurilmada saqlanadigan ma’lumotlar: o‘rnatish identifikatori, sozlamalar va xarita keshi telefon xotirasi o‘rniga Telegram ichidagi brauzerning localStorage’ida va sayt keshida saqlanadi. Telegram’da sayt ma’lumotlarini tozalasangiz, ular o‘chadi.

Telegram Mini App: Telegram ilovani ochganda unga ishga tushirish ma’lumotlarini (initData) beradi — Telegram identifikatoringiz, ismingiz, foydalanuvchi nomingiz, tilingiz, ba’zan profil rasmingiz havolasi va Telegram imzosi. Tilingiz faqat qurilmada interfeys tilini tanlash uchun o‘qiladi. Mini App initData’ni serverimizga bitta seans so‘rovida yuboradi; server imzo haqiqiyligini (bot kaliti bilan HMAC-SHA256) va ma’lumotlar yangiligini (24 soatdan eski emas) tekshiradi va undan faqat Telegram identifikatoringizni oladi; initData’ning o‘zini saqlamaydi va jurnallarga yozmaydi. Server ismingiz, foydalanuvchi nomingiz va rasmingizni saqlamaydi. Telegram identifikatoringiz faqat maxfiy kalit bilan hisoblangan xesh (HMAC-SHA256) ko‘rinishida, bitta Telegram hisobidan keladigan so‘rovlar va seanslar sonini cheklaydigan hisoblagichlarda 24 soatgacha turadi; u bazaga va jurnallarga yozilmaydi, belgilar va statistika bilan bog‘lanmaydi. IP manzilingiz ham faqat xesh ko‘rinishida, seanslar sonini cheklaydigan hisoblagichda 1 soat turadi.

Tekshiruvdan keyin server qisqa muddatli (1 soatgacha) seans kalitini beradi. U faqat ochiq sahifa xotirasida turadi va har bir so‘rov bilan yuboriladi; serverda faqat shu seansning daqiqalik so‘rovlar hisoblagichi (1 daqiqa) turadi. Joylashuvingiz Mini App’da Telegram ruxsati orqali so‘raladi va ilovadagidek ishlatiladi.

Uchinchi tomonlar: Mini App’da Telegram’ning telegram-web-app.js skripti telegram.org’dan yuklanadi — Telegram bu Mini App ochilganini ko‘radi va o‘z maxfiylik siyosati bo‘yicha ishlaydi. Boshqa uchinchi tomon skriptlari va statistika xizmatlari ishlatilmaydi; xarita plitkalari ilovadagidek OpenFreeMap’dan yuklanadi.

13. Bolalar

Xizmat 18 yoshdan oshgan shaxslar uchun mo‘ljallangan.

14. O‘zgarishlar va aloqa

Siyosat o‘zgarganda yuqoridagi sana yangilanadi; muhim o‘zgarishlar haqida ilovada oldindan xabar beramiz. Savollar va so‘rovlar: privacy@evxarita.uz.

© 2026 EV xarita